Skip to main content
Yangiliklar

Jasurbek Jaysunov AQSHdagi “Presidentʼs CUP” reyting musobaqasida oltin medalni qo’lga kiritdi

By 13.10.2018No Comments

AQSHning Las-Vegas shahrida G-2 turkumiga kuruvchi “Presidentʼs CUP” xalqaro reyting musobaqasi boshlandi. Avval xabar berib oʻtganimizdek, bellashuvlarda jahonning 70 ga yaqin mamlakatidan 1500 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda. Ular orasida oʻzbekistonlik sportchilar ham sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib borishmoqda.

Musobaqalarning ilk kunida hamyurtimiz Jasurbek Jaysunov bahslarga kirishdi. Hamyurtimiz musobaqa davomida ikki nafar AQSH sportchisi, Meksika, Kanada vakillarini magʻlub etib, finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi jangda esa boshqa bir mezbon sportchini magʻlubiyatga uchratdi va oltin medal sohibiga aylandi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu musobaqa orqali taekvondochilarimiz Tokio 2020 Olimpiya oʻyinlariga reyting ochkolarini jamgʻaradilar.

Musobaqa davomida Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi bosh kotibi Abduazim Isroilov Panamerika taekvondo federatsiyasi prezidenti Ji Xo Choi, shuningdek tashkilot bosh kotibi Rik Shinlar bilan uchrashib, bir qator masalalarni muhokama qildi. Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston taekvondo assotsiatsiyasi nomidan esdalik uchun oʻzbekona zarbop choʻponni ularga taqdim etdi.

Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi tomonidan soʻnggi vaqtlarda turli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasini ortda qolgan Osiyo oʻyinlarida koʻrdik. Mana endi yosh sportchilarimiz reyting ochkolarini jamgʻarib, Tokio 2020 yoʻllanmasi sari kurashni boshladilar. Umid qilamizki, ushbu zafarli yurish Yaponiyada boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida ham davom etadi.