Skip to main content
Yangiliklar

O‘zbek taekvondosida navbatdagi tarixiy voqea: Milliy terma jamoamiz Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari uchun beshinchi yo‘llanmani ham qo‘lga kiritdi, Nikita Rafalovich Olimpiadaga boradi!

By 19.06.2024June 28th, 2024No Comments

Taekvondo WT bo‘yicha +80 kg vazn toifasida O‘zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi a’zosi Nikita Rafalovich Parij Olimpiadasi litsenziyasiga ega chiqdi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining Parij-2024 Olimpiadasida ishtirok etadigan neytral maqomdagi rossiyalik sportchilar ro‘yxatida taekvondochilar qayd etilmadi. Usi Katta dubulg‘a turnirida litsenziyalarni qo‘lga kiritgan rossiyalik sportchilarning o‘rniga, Olimpiya reytingida eng yaxshi o’rinlarni qayd etgan sportchilarga kvota taqsimlab berildi. Bu holatda +80 kg vazn toifasidagi reytingda oltinchi o’rinni qayd etgan hamyurtimiz, Tokio-2020 Olimpiadasi ishtirokchisi Nikita Rafalovich ham yo‘llanmaga ega chiqdi.

Endilikda Parijdagi Olimpiadada taekvondo WT bo‘yicha milliy terma jamoamizning besh nafar sportchisi g‘oliblik uchun kurash olib boradi! Shubhasiz, bu O‘zbek taekvondosidagi eng yaxshi natijadir. Boisi, shu paytgacha o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinarida taekvondochilarimiz 4 tadan ziyod yo‘llanmaga ega chiqmagan edi.

Parij-2024 Olimpiadasida yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarimiz:

Ulug‘bek Rashitov (68 kg)
Jasurbek Jaysunov (80 kg)
Nikita Rafalovich (+80 kg)
Ozoda Sobirjonova (67 kg)
Svetlana Osipova (+67 kg).

Bundan tashqari, sportchilarimiz dunyoning eng kuchli uchta termasi qatorida Olimpiya o’yinlari tarixida ilk bor tashkil etilayotgan ko’rgazmali mikst dasturida ham ishtirok etishini alohida ta’kidlash lozim.

O‘zbek sporti jamoatchiligini ushbu tarixiy voqelik bilan tabriklagan holda Nikita Rafalovich va boshqa sportchilarimizga Olimpiadada omad va zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz!