Skip to main content
Yangiliklar

O‘zbekiston taekvondo WT assosiatsiyasi hamda Koreya Respublikasining Sonmun universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

By 07.05.2024No Comments

Bugun O‘zbekiston taekvondo WT assosiatsiyasi binosida assosiatsiya rahbariyati va Koreya Respublikasining “Sun Moon” (Sonmun) universiteti prezidenti Mun Seong Je boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida mehmonlarga O‘zbekiston taekvondosi haqida ma’lumotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil-29-iyuldagi 337-sonli “Taekvondo WT sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ilova qilindi.

Bundan tashqari, yangi ish boshlashi kutilayotgan O‘zbekiston taekvondo akademiyasi haqida bafurja suhbat qurildi.

Ahamiyatlisi, tadbir doirasida tomonlar ikki mamlakat taekvondo sport turini yanada rivojlantirish va u yo‘ldagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida memorandum kelishuvini imzoladi.

“Sun Moon” universiteti haqida ma’lumotlar:

“Sun Moon” universiteti Janubiy Koreyaning Asan shahrida joylashgan. Universitetga 1986-yilda muhtaram Sun Myung Mun tomonidan asos solingan. Universitet 17 yoshdan boshlab bakalavr va magistratura yo‘nalishlariga talabalarni qabul qiladi.
Hozirgi kunda talabalar Texnologiya, muhandislik, IT, Gumanitar fanlar va tibbiyot sohalarida koreys tilida tahsil oladi. “Sun Moon” universiteti xalqaro aloqalarni faol ravishda kengaytirmoqda. Global vitse-prezidentlar tarmog‘i maxsus xorijiy abituriyentlarni jalb qilish uchun ishlaydi. Butun dunyo bo‘ylab 46 ta universitet vakillari taniqli abituriyentlarni qidiradi.

“Sun Moon” universiteti 1989-yilda Koreys tili institutini yaratgan. O‘tgan yillar davomida ushbu universitetda 151 ta mamlakatdan 18 000 dan ortiq talaba tahsil olgan. Universitetda jami 9200 nafar talaba tahsil oladi. Ulardan 1113 nafari 76 davlatdan kelgan xorijliklardir. Bu universitetni xorijliklar soni bo‘yicha Koreyadagi yetakchi universitetlardan biriga aylantiradi. Pedagoglar jamoasi 515 nafardan iborat. O‘quv va ilmiy vazifalardan tashqari, “Sun Moon” iqtisodiyotning real sektori bilan o‘zaro hamkorlikka ham e’tibor qaratadi.

Shu maqsadda universitetda bitiruvchilarni ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida mahalliy korxonalarda amaliyot o‘tash dasturlari tashkil etilgan. 2019-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, bitiruvchilarning bandlik darajasi 69 foizni tashkil etdi: Bu Janubiy Koreya poytaxtidan tashqarida joylashgan universitetlar uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir. Koreya ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan baholash natijalariga ko‘ra, “Sun Moon” universiteti “A” bahosini (eng yuqori reyting) olgan. JoongAng Ilbo gazetasining 2017-yildagi reytingiga ko‘ra, “Sun Moon” ta’lim sharoiti bo‘yicha Koreya universitetlari orasida 5-o‘rinni egallagan.