Skip to main content
Yangiliklar

Jasur Boyqo‘ziyev: “Sportchilardan to‘laqonli ko‘nglimiz to‘ldi”

By 19.03.2024No Comments

Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi Jasur Boyqo‘ziyev Olimpiya litsenzion turniridagi ishtirok, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarliklar va boshqa mavzular haqida gapirdi.

– O‘zbekiston taekvondosi tarixida Olimpiadaga ilk bor reyting ochkolari orqali ikkita yo‘llanma qo‘lga kiritildi. Bu natija sizni va murabbiylar shtabini qoniqtirdimi?

“Albatta, bunday natija biz murabbiylarni qoniqtiradi. Bunday natijalarga erishish oson emas. Bu yerda jamoaviy mehnat talab etiladi. Sportchilarning o‘zlari bundan natijalarga erishishi qiyin bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, Prezidentimizga, Olimpiya qo‘mitasi va Sport vazirligi rahbarlariga sportchilarga yaratib berilgan sharoitlar, sportchilarni yil davomida xalqaro musobaqalarda qatnashishi va kerakli reyting ochkolarini to‘plashini ta’minlagani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman”.

– Uzoq kutilgan litsenzion turnir haqida fikringiz qanday?

“Litsenzion musobaqada sportchilarimizdan to‘liq ko‘nglimiz to‘ldi. Sababi, bu 2 ta litsenziya biz uchun juda ham zarur edi. Sportchilarimiz esa bizni xursand qilgan holda Olimpiya o‘yinlarida to‘liq tarkibda qatnashishimizni ta’minladi.

– Parij-2024 Olimpiadasida ham terma jamoamiz to‘liq tarkibda ishtirok etadigan bo‘ldi. Musobaqa uchun tayyorgarlik jarayonlari qanday kechadi?

“Oldizmida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari, Osiyo chempionati va xarbiylar o‘rtasida Jahon chempionati bor. O‘quv-yig‘in mawgulotlarini bir nechta terma jamoalar hamkorlikda olib borishni rejalawtirganmiz. Jumladan, Rossiya, Misr, Iordaniya, Tunis, Saudiya Arabistoni, Belarus va Mo‘g‘uliston. Sportchilar orasida Olimpiya o‘yinlari chempionlari va sovrindorlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblari jalb qilinadi. Misol uchun, Maksim Xramsov, Vladislav Larin, Saleh El-Sharabati kabi sportchilar. O‘ylaymanki, bunday yig‘in sportchilarimizga katta mahorat maktabini o‘taydi”.

– Bu yilgi Olimpiada o‘yinlarida ilk bor tashkil etilayotgan jamoaviy dasturda (ko‘rgazmali) dunyoning to‘rt eng kuchli terma jamoasi orasida O‘zbekiston ham ishtirok etadi. Bu ko‘rgazmali dasturga tarkibni jalb etish qanday bo‘ladi?

“Tarkibni murabbiylar shtabi bilan birgalikda aniqlaymiz. Qaysi sportchi yaxshi formada bo‘lsa, o‘sha sportchi tarkibdan joy oladi”.