Avval xabar berganimizdek, Chendu Universiadasi taekvondo bahslari doirasida bugun jamoaviy dastur bellashuvlari o’tkazildi. Har ikki terma jamoamiz musobaqani nimchorak finalda boshladi.
Erkaklar terma jamoamiz ilk bahsda AQSh termasi bilan to’qnash keldi. Mazkur bahsda afsuski 73:54 hisobida amerikaliklarning qo’li baland keldi.
Ayollar terma jamoamiz esa musobaqada barcha raqiblarini yenggan holda finalga yetib keldi. Finalga qadar AQSh, Xitoy Taypeyi, Koreya kabi kuchli terma jamoalarni musobaqadan chiqarib yuborgan qizlarimiz hal qiluvchi bahsda musobaqa mezbonlari — Xitoy termasi bilan to’qnash keldi. Hamyurtlarimiz jangda ishonchli harakat qilganiga qaramay, omad mezbonlarga kulib boqdi.
Terma jamoamiz a’zolari: Madinabonu Mannopova, Madina Mirabzalova, Feruza Sodiqova hamda Ozoda Sobirjonova va murabbiylar shtabini mazkur natija bilan tabriklagan holda musobaqadagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Bu O’zbekiston taekvondo terma jamoasining musobaqada qo’lga kiritgan beshinchi kumush medali bo’ldi. Termamiz hisobida, shuningdek, ikkita bronza medali ham mavjud.
Ma’lumot uchun, bu termamiz vakillarining Chendu Universiadasi doirasidagi so’nggi chiqishi bo’ldi.