Skip to main content
Yangiliklar

Chendu-2021, 3-kun. Feruza Sodiqova kumush, Najmiddin Qosimxojiyev bronza medalini qo’lga kiritdi!

By 02.08.2023No Comments

Feruza Sodiqova delegatsiyasimiz hisobiga navbatdagi medalni taqdim etdi!

-62 kg vazn toifasidagi hamyurtimiz Feruza Sodiqova musobaqadagi ishtirokini nimchorak finaldan boshladi. Vakilamiz dastlab amerikalik Danika Ditonni 2:0 hisobida mag’lub etgan bo’lsa, chorak final bahsida polshalik sportchi Yuliya Seredadan ustun keldi. Yarim final jangida esa Sodiqova eronlik Seyeda Mir Nurullohi bilan to’qnash keldi va 2:0 hisobida ishonchli g’alabaga erishdi.

Oltin medal yo’lida kechgan final bahsida esa Feruza Sodiqova tailandlik Sasikarn Tongchan bilan to’qnash keldi. Jangni ishonchli boshlagan Feruza afsuski, yakunda jarimalar soni sabab mag’lubiytga uchradi. Shunga qaramay, Feruza o’zining ilk Universiada musobaqasida kumush medalni qo’lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, Feruza Sodiqova O’zbekiston delegatsiyasining Chendu Universiadai doirasidagi umumiy hisobda yettinchi kumush medali sohibiga aylandi.


Shuningdek, Najmiddin Qosimxojiyev Chendu Universiadasi bronza medalini qo’lga kiritdi.

-74 kg vaznda terma jamoamiz a’zosi Najmiddin Qosimxojiyev dastlab, 1/16 final bosqichida ozarbayjonlik Javad Agayevni, keyinchalik nimchorak final bosqichida esa belgiyalik Badr Achabni mag’lubiyatga uchratdi. Chorak final bahsida esa Najmiddin Koreya vakili Jimin Parkni 2:0 hisobida dog’da qoldirib, yarim finalga yo’l oldi.

Mezbon yurt vakili bo’lmish Yang Suyga qarshi kechgan final yo’lidagi murosasiz bahsda hamyurtimizga biroz omad yetishmadi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, yosh sportchimizga munosib ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirgan holda musobaqaning bronza medalini qo’lga kiritgani bilan tabriklaymiz.

Bu O’zbekiston taekvondo WT terma jamoasining Chendu Universiadasida qo’lga kiritgan umumiy hisobda beshinchi medali bo’ldi.