Koreya Respublikasining Muju shahrida taekvondo bo‘yicha 2023-yilgi Jahon Gran-Pri chellenji toifasiga kiruvchi musobaqasining ilk kunidan o’rin olgan bellashuvlar bo’lib o’tdi.
Bu yilgi musobaqada 18 mamlakatdan jahon reytingida 70-o‘rindan yuqorida bo’lgan (70-o‘rinni hisobga olmaganda) 100 ga yaqin sportchi ro‘yxatdan o‘tgan.
Musobaqaning birinchi kunida erkaklar o‘rtasida -58kg, ayollar o‘rtasida -49kg va -57kg vazn toifasida bahslar bo‘lib o‘tdi.
Ayollar o‘rtasida -49 kg vazn toifasining final bahsida Xitoy Taypeyi vakili Tien yu Jhuang koreyalik Seo-Rin Oh bilan to‘qnash keldi. Mazkur bellashuvda Xitoy Taypeyi jangchisi 2:0 hisobida g’alaba qozondi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda koreyalik Ye-ji Lini mag‘lub etgan tailandlik Kamonchanok Seeken bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o’rtasida -58kg vazn toifasidagi hal qiluvchi jangda esa koreyalik Si-Yun Kim finalda tailandlik Siravit Mahamad bilan to’qnash keldi. Ikki jangchi ham kun davomida bor-yo’g’i birgina raundda mag’lub bo’lishdi, ammo finalda Kim kuchli ekanligini isbotladi va 2:0 hisobida g’alaba qozondi. Bronza medali uchun bahsda ikki koreyalik jangchi — Dae-Von Li va Xa Bin Seok to’qnash keldi. Vatandoshlar o’rtasidagi bellashuvda Xa Bin Seok g’olib bo’ldi.
Kunning so’nggi finalida ayollar o’rtasida -57 kg vazn toifasida Xitoy Taypeyi vakili Vey-Chun Lin vyetnamlik Txi An Tuyet Tranga qarshi bahs olib bordi. Lin 2:0 hisobida g’alaba qozonib, o’z mamlakatining ikkinchi medalini qo’lga kiritdi. Quvonarlisi, ushbu vazndagi hamyurtimiz Madina Mirabzalova mezbon yurt vakili — Yong Yang Jongni mag’lub etib, bronza medalini qo’lga kiritdi va Koreya termasini navbatdagi medaldan mahrum qildi.
1 va 2-oʻrinni egallagan sportchilar (Oltin va kumush medal sohibi) “Tayvan 2023 Jahon Gran-prisi”ga yoʻllanma bilan taqdirlandilar.
Musobaqaning birinchi kunidan so’ng medallar jamg’armasi quyidagicha:
Xitoy Taypeyi — 2 ta oltin
Koreya Respublikasi — 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza
Tailand — 1 ta kumush, 1 ta bronza
Vyetnam — 1 ta kumush
O’zbekiston — 1 ta bronza.
Shunday qilib, ikki nafar sportchi bilan “Muju Gran-Pri Chellenji”da ishtirok etgan O’zbekiston terma jamoasi musobaqani bitta bronza medali bilan yakunladi.