Skip to main content
Yangiliklar

Taekwondo WT bellashuvlarida Surxondaryo terma jamoasi g‘olib bo‘ldi

By 07.07.2018July 11th, 2018No Comments

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan sportning boks, taekwondo WT, sport kurashlari va dzyudo kabi turlaridan viloyat terma jamoalari o‘rtasida “Olimpiya kelajagi” turniriga asos solingan. Iqtidorlarni kashf etish, terma jamoa uchun yangi nomlarni saralab olish maqsadida tashkil etilgan ushbu musobaqa hududlarga bo‘lingan holda tashkil etildi. Hudud bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan terma jamoalar esa hal qiluvchi final bahslarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritishgandi.

Qayd etib o‘tish lozimki, seleksiya ishlarini mustahkamlash, ommaviylikni ko‘tarish maqsadida taekwondo bahslarida saralash bosqichida muvaffaqiyatli qatnashgan ikkitadan terma jamoa final bosqichiga taklif qilindi. Demak, sportning ushbu turi bo‘yicha sovrinli o‘rinlar uchun 8ta terma jamoa kurash olib bordi. Kecha boshlangan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati jamoalari hal qiluvchi final bosqichiga yetib borishdi.

Bugun esa poytaxtimizda taekwondo WT assotsiatsiyasiga qarashli “Universal” sport majmuasida final bo‘lib o‘tdi. Hal qiluvchi bahslar oldidan tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov so‘zga chiqar ekan, musobaqaning qay darajada ahamiyatli ekanligi, ushbu turnir orqali yangi nomlar kashf etilayotganini ma’lum qilib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Respublikamiz madhiyasidan so‘ng yosh taekwondochilar o‘zlarining ko‘rgazmali chiqishlari bilan yig‘ilganlarni xushnud etishdi. O‘zbek estradasi yulduzlari Alisher Fayz, Shohruhxon va “Afro‘z” guruhining chiqishlari esa tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Shundan so‘ng janglarga start berildi. Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati taekwondochilarining keskin va shiddatli kechgan janglarida 49:49 natijasi qayd etildi. Shundan so‘ng oltin ochkoga murojat qilindi. Unda esa surxondaryolik sportchi dastlabki ikki ochkoni qo‘lga kiritdi va jamoasiga g‘oliblikni taqdim etdi.

Shu tariqa, taekwondo WT bo‘yicha bellashuvlarda Surxondaryo viloyati terma jamoasi sportchilari oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. Toshkent shahri vakillari esa kumush medal bilan kifoyalanishdi. Yarim finalgacha yetib borgan Farg‘ona va Toshkent viloyati sportchilariga bronza medallari nasib qildi.

Qisqacha qilib atganda, 6-7 iyul kunlari Toshkent shahrining Universal sport majmuasida Taekwondo (WT) yo‘nalishi bo‘yicha “Olimpiya kelajagi” va yoshlar o‘rtasida Chellenjer musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada respublikaning barcha viloyatlaridan 900 nafarga yaqin yosh sportchilar ishtirok etdi.

7 iyul kuni “Olimpiya kelajagi” kattalar o‘rtasida final bahslari bo‘lib o‘tdi. Final bahslarida Surxondaryo jamoasi 1 o‘rin, Toshkent shahri 2 o‘rinni egalladi. Musobaqa g‘oliblarini Taekwondo assotsiatsiyasi rahbari Laziz Hasanov taqdirladi.