O‘zbеkiston Taekvondo WT Assotsiatsiyasi haqida

Taekvondo sharq yakkakurash san’atining eng qadimgi turlaridan biri hisoblanib, “qo‘l va oyoq bilan harakat qilish” san’ati ma’nosini anglatadi. Tarixiy manbalardan yaxshi ma’lumki, taekvondo san’ati xuddi Xitoyda kung-fu hamda Yaponiyada karate singari Koreya yarim orollarida mustaqil tarzda shakllangan. Qadimgi Koreyada “subak” harbiy san’ati mavjud bo‘lgan. Aynan subak kurashi taekvondoning ildizi hisoblanadi. Subak kurashi ayniqsa, 1147-1170 yillarda shoh Uyong hukmdorlik yillari keng rivojlangan. O‘sha paytda subak kurashi qonun-qoidalari shakllangan kitob nashr etilgach, mazkur harbiy sport turiga oddiy aholi o‘rtasida ham qiziqish kuchaygan.

Bugungi kunga kelib, dunyoda taekvondoning ITF hamda WT yo‘nalishlari mavjud. Butunjahon taekvondo federatsiyasiga 1973 yilda asos solingan bo‘lib, ayni paytda katta mavqega ega ushbu tashkilotga dunyoning 206 mamlakati a’zo hisoblanadi. 1979 yil taekvondoning WT yo‘nalishi xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olindi. Sidneyda bo‘lib o‘tgan XXVII yozgi Olimpiya o‘yinlarida taekvondo ilk marotaba dasturdan joy egalladi. O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi 1993 yil 6 avgustda ta’sis etilgan va shu yilning o‘zida Butunjahon taekvondo federatsiyasiga a’zo bo‘ldi.

1996 yildan Osiyo ittifoqiga a’zo. Butunjahon taekvondo federatsiyasining to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston taekvondochilari jahon chempionati bahslari va turli xalqaro turnirlarga yuboradi. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda ushbu sport turini rivojlantirish, targ‘ib qilish va ommalashtirishga qaratilgan bo‘lib, o‘z a’zolari huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

1989 yil Adik Li O‘zbekiston taekvondosiga asos soldi va uni mamlakatimizda ommaviylashtirish harakatiga rahbarlik qildi. Seulda joylashgan kukkivon akademiyasida o‘zbekistonlik mutaxassislar Adik Li, Oleg Pyak va Aleksey Kan ilk bor o‘qish baxtiga muyassar bo‘lishdi. O‘sha paytda mamlakatimizda 900 nafar sportchi taekvondo bilan shug‘ullanar edi. 1992 yil O‘zbekiston taekvondo federatsiyasi rasman ish boshladi.

Adik Li federatsiya rahbari etib tayinlandi, Oleg Pyak esa bosh kotib lavozimida faoliyat yurita boshladi. Oradan biroz muddat o‘tib, 1992 yilning oxirlarida Abbos Latipov federatsiya rahbarligiga kirishadi va 2008 yilgacha assotsiatsiyani boshqardi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston taekvondo ustalari kyorugi bahslarida Osiyo va jahon birinchiliklari, Osiyo va Olimpiada o‘yinlarida muntazam ravishda ishtirok etib kelishmoqda. So‘nggi yillarda qo‘lga kiritilgan yutuqlarga nazar tashlashning o‘zi kifoya.

Misol uchun, 2001 yil Janubiy Koreyaning Jedju shahrida o‘tgan jahon chempionatida terma jamoa a’zosi Eduard Xegay -58 kg vaznda kumush medalga sazovor bo‘ldi. 2011 yil Janubiy Koreyaning Genju shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida uning natijasini takrorlagan Akmal Ergashev +87 kg vaznda shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy egalladi.

2010 yil

Poytaxtimiz taekvondo “Pumse” bo‘yicha V jahon chempionatiga mezbonlik qilgandi. Yuqori saviyada tashkil etilgan nufuzli musobaqada terma jamoamiz a’zolari ikkitadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.

2013 yil

Avgustda Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Osiyo o‘yinlarida qatnashgan ikki sportchimiz – 62 kilogramm vazn toifasida G‘anijon Hurliboyev va 55 kilogramm vaznda qizlar musobaqasida Dinoraxon Mamadibrohimova uchinchi o‘rinni egalladi.

2014 yil

25-28 may kunlari “O‘zbekiston” sport majmuasida XXI qit’a chempionati va “Pumse” bo‘yicha III Osiyo chempionati o‘tkazildi. Musobaqalarda qit’amizning o‘ttizdan ziyod mamlakatidan 400 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi. “Pumse” – taekvondoning WT yo‘nalishidagi kompleks mashqlardir. U sportchining o‘z tanasini chiniqtirishi, hujum va himoya harakatlarini takomillashtirishi, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini muntazam oshirishiga xizmat qiladigan muhim vosita. Musobaqaning “Pumse” bahslarida munosib ishtirok etgan hamyurtlarimiz faxriylar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi bahslarda ikkita oltin va yettita bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.

Ular o‘tgan davr ichida ham Pumse terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Ni boshchiligida bir nechta xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelayotganini ta’kidlab o‘tish lozim. XXI Osiyo chempionatida ishtirok etgan Jasur Boyqo‘ziyev va Dmitriy Shokin o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Hamyurtlarimizdan Nikita Rafalovich va Maksim Rafalovich bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashgan iqtidorli sportchimiz Umida Abdullayeva 73 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar bahsida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yana bir tajribali sportchimiz Natalya Mamatova o‘z vazn toifasida bronza medal bilan taqdirlandi. 2014 yilning 16-28 avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida hamyurtimiz Umida Abdullayeva vazni 63 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Bugun mamlakatimizda yigirma mingdan ortiq o‘g‘il-qiz taekvondo WT bilan muntazam shug‘ullanmoqda. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining taekvondo bo‘limida malakali murabbiylar tayyorlanayotir. Olimpiya zaxiralari kollejlari, ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktablaridagi taekvondo bo‘limlari, qator sport seksiyalari mahoratli sportchilarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi rahbariyati mintaqaviy federatsiyalar faoliyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, xalqaro maydonda yuksak natijalar ko‘rsatishga qodir iste’dodli sportchilar seleksiyasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

Ayni paytda mamlakatimizda 7700 nafar o‘g‘il-qiz aynan ushbu sport turiga oshno tutinishgan, shularning 1960 nafari o‘smirlar, 4590 nafari kadetlar, 1150 nafari kattalardan iborat. Bugungi kunda hududlarda 181 nafar murabbiy, 65 nafar hakam yoshlarga saboq berib kelmoqda. Ikki nafar xalqaro toifadagi hakam Dmitriy Kim va Ramish Ismatovlar yirik musobaqalarni faol boshqarib kelyapti.

Shuningdek, bu yerda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mo‘jaz zal qurilib, foydalanishga topshirilish arafasida turibdi. Bu yerda kelajakda mamlakat taekvondosi rivojiga xizmat qiladigan yetuk kadrlar tayyorlanadi. Joriy yilda ushbu inshoot qurib bitkazilib, o‘z shug‘ullanuvchilari ixtiyoriga topshiriladi. Ayni paytda inshootning asosiy ishlari o‘z yakuniga yetib qoldi.  Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda taekvondo WT sporti yuksalish pillapoyalari sari dadil odimlashda davom etyapti.