O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov bugun o‘zining qutlug’ 75 yoshini nishonlamoqda.
Bahodir Maxsitovich Maxsitov 1948-yil 30-iyul kuni Toshkent viloyatida tugʻilgan. 1976-yil Toshkent Davlat universitetini tamomlagan. Bahodir Maxsitovich faoliyati davomida dastlab sud-huquq tizimida, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining oʻrinbosari va boshqa bir necha lavozimlarda samarali mehnat qilgan. 1994-1995-yillar Toshkent viloyati Boʻka tumani hokimi, 1995-2002-yillar Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi boʻlgan. 2002-2003-yillar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida ishladi. 2020-yil dekabrdan Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi lavozimida yurtimiz sporti rivoji uchun xizmat qilmoqda. U kishining uzoq yillik mehnati davlatimiz tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi jamoasi sport fidoyisi va jonkuyari bo‘lgan Bahodir Maxsitovichni ushbu quvonchli kun bilan samimiy muborakbod etadi.
Bahodir Maxsitovich, Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik va oilaviy baxt tilaymiz.
Tavallud ayyomingiz muborak bo‘lsin!