Skip to main content
Yangiliklar

O’zbekiston taekvondo WTF assotsiasiyasiga yangi rahbar saylandi

By 05.10.2018No Comments

4 oktyabr kuni O’zbekiston taekvondo WTF assotsiasiyasida navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o’tkazildi.

Ushbu yig’ilishda O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, assotsiasiya Ijroiya qo’mitasi azolari, assotsiasiyaning viloyat bo’limi rahbarlari, hakamlar, murabbiylar, terma jamoa a’zolari ishtirok etishdi

Kun tartibidan o’rin olgan eng asosiy masala tashkilotga yangi rahbar saylash edi. Ushbu lavozimga Ahmadjon Amindjanovich Rahimov nomzodi ilgari surildi. Yig’ilganlar ko’rsatilgan nomzodini qo’llab-quvvatlashdi va yakunda Ahmadjon Rahimov O’zbekiston taekvondo WTF assotsiasiyasining raisi etib saylandi.

Konferensiya davomida Milliy olimpiya qo’mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov so’zga chiqib, taekvondo yurtimizda rivojlanib borayotgan sport turi ekanligi, birgalikda ishlab yanada kattaroq muvaffaqiyatlarga erishish mumkinligi haqida gapirdi.

Yangi saylangan rahbar ham o’z o’rnida hamjihatlikda faoliyat olib borib, yurtimiz dovrug’ini ko’klarga ko’tarish lozimligini qayd etib o’tdi.

Ma’lumot uchun, Ahmadjon Rahimov 1975 yilda tavallud topgan. Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetini tamomlagan. Oilali. Besh farzandning otasi.

Qayd etish lozimki, yangi rahbariyat oldida u qadar oson bo’lmagan vazifa turibdi. Yani, O’zbekistonda taekvondo sport turini yanada rivojlantirish, ommalashtirish, sportchilarni nufuzli musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko’rishi, shuningdek muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash lozim bo’ladi.

Milliy olimpiya qo’mitasi bu yo’lda O’zbekiston taekvondo WTF assotsiasiyasining yangi rahbariyatiga muvaffaqiyatlar tilaydi.