Skip to main content
Yangiliklar

MOQ Prezidenti O‘zbekiston taekwondo WT assotsiatsiyasi qarorgohi va “Universal” sport majmuasiga tashrif buyurdi

By 24.05.2018July 11th, 2018No Comments

Xabar berib o‘tganimizdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun Toshkentdagi Respublika olimpiya zaxiralari kolejiga borib, sharoitlar bilan yaqindan tanishgan, kollej rahbariyatiga kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar bergandi.

Navbatdagi manzil O‘zbekiston taekwondo WT assotsiatsiyasi bo‘ldi. Ma’lumki, 5 kun avval assotsiatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazilib, unda Laziz Hasanov tashkilotga prezident etib saylangan edi. Umid Ahmadjonov assotsiatsiya qarorgohiga tashrifi davomida yangi rahbariyat ishlarni qanday yo‘lga qo‘yib olgani bilan qiziqdi.

Poytaximizdagi eng ko‘rkam va ihcham sport inshootlaridan biri – “Universal” sport majmuasi ham aynan ushbu assotsiatsiyaga qaraydi. So‘nggi vaqtlarda mazkur inshoot sportning bir necha turlari bo‘yicha nafaqat mahalliy, balki xalqaro musobaqalarga ham mezbonlik qilib kelmoqda. Sport saroyi va mashg‘ulot zalini ko‘zdan kechirar ekan MOQ rahbari, bu yerda muxlislar uchun sharoitlarni yaxshilash, oilaviy sektorlar tashkil etish bo‘yicha assotsiatsiya rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

“Biz shu paytga qadar mamlakatimiz stadionlarida oilaviy sektorlar tashkil qildik. Ishqibozlar futbol uchrashuvlarini bevosita stadiondan kuzatishga o‘z oilalari, farzandlari bilan tashrif buyurmoqdalar. Bu esa o‘z navbatida sportni aholi orasida yanada ommalashtirishda, sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilishda katta ahamiyatga ega.<\p>

Endi sekin asta usti yopiq sport inshootlarida ham ana shunday sektorlar tashkil etsak foydadan holi bo‘lmaydi. Albatta buning uchun ishqibozlar orasida muhlislik madaniyatini ham targ‘ib qilishimiz kerak bo‘ladi”-dedi Umid Ahmadjonov.

Shuningdek, MOQ rahbari sport majmuasi faoliyatini samarali tashkil etish uchun, uning bir kun ham bo‘sh turmasligi, musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bu yerda yil davomida o‘tkazib borilishiga alohida urg‘u berdi.

Tashrif davomida MOQ Prezidenti sport majmuasiga yondosh hududda joylashgan mehmonxonani ham ko‘zdan kechirdi. Bu yerda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadigan sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.