Skip to main content
Yangiliklar

Tunis bahslari muvaffaqiyatli yakunlandi

By 13.04.2018July 3rd, 2018No Comments

Avval xabar berganimizdek, Afrika qit’asining Tunis davlati Hammamet shahrida 6-7 aprel kunlari Argentinada bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar Olimpiadasi — Buenos Aires 2018ga yo‘llanma beruvchi saralash musobaqalari hamda 9-13 aprel kunlari o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tdi. Sayyoramizning 70dan ortiq mamlakati vakillari ishtirokida o‘tgan nufuzli musobaqalarda murabbiylar Sobir Nazaraliyev va Jasur Boyqo‘ziyev boshchiligida terma jamoaning 15 nafar a’zosi ham Vatanimiz sharafini himoya qilishdi.

Tarkibdan o‘rin olgan taekvondo ustalari — Ulug‘bek Rashidov (-48 kg), Jasur Jaysunov (-63 kg), Abdulaziz Hamidullayev (-73 kg), Madinabonu Mannopova (-49 kg), Ozoda Sobirjonova (-55 kg), Feruza Sodiqova (-63 kg) Olimpiadaga saralash bahslarida ishtirok etgan bo‘lishsa, jahon chempionatida Amir To‘rayev (-45 kg), Begzod Ibragimov (-48 kg), Ulug‘bek Rashidov (-51 kg), Shahzod Jo‘rayev (-55 kg), Danil Marozov (-59 kg), Jasur Jaysunov (-63 kg), Diyor Tuxliboyev (-68 kg), Abdulaziz Hamidullayev (-73 kg), Intizor Abdulalimova (-44 kg), Madinabonu Mannopova (-46 kg), Aziza Shamsiyeva (-49 kg), Ozoda Sobirjonova (-52 kg), Durdona Abdulhayeva (-55 kg), Feruza Sodiqova (-63 kg) dayanga chiqishdi.

Olimpiya saralash bellashuvlarida -48 kgli taekvondo ustalari bahsida dayanga chiqqan Ulug‘bek Rashidov barcha raqiblarini mag‘lub etdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. U finalda rossiyalik Dmitriy Shishkoni mag‘lub etdi. Ulug‘bek nafaqat terma jamoamizga birinchi medalni taqdim etdi, balki o‘smirlar Olimpiadasi yo‘llanmasi sohibi bo‘ldi.

O‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida -45 kg vaznli sportchilar o‘rtasida finalgacha yetib borgan hamyurtimiz Amirbek To‘rayev eronlik Husayn Lutfiyga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va terma jamoamizga ilk kumush medalni taqdim etdi. -51 kg da yurtimiz sharafini himoya qilgan Ulug‘bek Rashitov yarim finalgacha bir-biridan qiziqarli janglarni o‘tkazib, bronza medaliga egalik qildi.

Qizlar o‘rtasidagi bahslarda -52kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Ozoda Sobirjonova barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan holda finalgacha yetib bordi va kumush medal bilan kifoyalandi.

Shuningdek, musobaqalar doirasida O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi bosh kotibi Abbos Latipov Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Chung Von Chou bilan uchrashdi. Ishchan va qizg‘in ruhda o‘tgan uchrashuvda Xalqaro tashkilot rahbari hamyurtlarimizni qo‘lga kiritilgan yo‘llanma bilan tabrikladi. Mamlaktimizga chet eldan mutaxassis jalb etilishi haqida ham kelishib olindi.

Shunday qilib, Tunisda o‘tkazilgan bahslar o‘z yakuniga yetdi. O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi bitta oltin medal, jahon chempionatidan esa 2 ta kumush, 1ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatida 1998 yil Rashid Ahmedov kumush medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2014 yil Valentin Xegay bronza medaliga sazovor bulgan. Bu safar esa taekvondochilarimiz birinchi marotaba 3 ta medalga egalik kilishdi. O‘smirlarimiz 15 aprel soat 00:40 da Toshkentga qaytishadi.